Ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, xususan, qarz summasi toʻlanmaganligi yoxud oʻz vaqtida, toʻliq yoki qisman toʻlanmaganligi natijasida vujudga kelgan, ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan talablarni ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan qanoatlantirish uchun undiruvni, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shu mol-mulkka qaratishga haqli. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davriy toʻlovlar bilan bajariladigan majburiyatni taʼminlash uchun undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga, ushbu toʻlovlarni toʻlash muddatlari ketma-ket uch oydan ortiq muddatga buzilgan taqdirda, yoʻl qoʻyiladi. Ushbu Qonunning 23 , 26 va 28-moddalarida nazarda tutilgan hollarda, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga, bu talab bajarilmagan taqdirda esa, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga haqli. Agar ipotekaga qoʻyuvchi oʻz majburiyatlarini bajarilgan deb hisoblasa hamda oʻz huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab sudga murojaat etgan boʻlsa, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish toʻxtatib turiladi.