Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaga koʻra garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan summa, undan bu mol-mulkka undiruv qaratilishi va mol-mulk realizatsiya qilinishi munosabati bilan qilingan xarajatlarni qoplash uchun zarur summalar ushlab qolinganidan keyin, oʻz talablari undirilishini soʻragan ipotekaga oluvchilar, ipotekaga qoʻyuvchining boshqa kreditorlari va ipotekaga qoʻyuvchining oʻzi oʻrtasida taqsimlanadi. Sud qarorlarining ijrosini amalga oshiruvchi organ yoki, agar undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan boʻlsa, auksion tashkilotchisi garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan tushumni qonunda nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlaydi. Bunda kimoshdi savdosini yoki auksionni oʻtkazish uchun qilingan chiqimlar va xarajatlarning oʻrnini qoplash boshqa barcha qolgan talablarni qoplashdan oldin navbatdan tashqari tartibda amalga oshiriladi.