Agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkiy majmua sifatidagi butun korxonaning ipotekasida garov huquqi uning tarkibiga kiruvchi barcha mol-mulkka (koʻchar va koʻchmas mulkka), talab qilish huquqi va mutlaq huquqni qoʻshgan holda, shu jumladan ipoteka davrida olingan shunday huquqlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Xususiy mulkka asoslangan mulkiy majmua sifatidagi butun korxonani ipotekaga qoʻyish mulkdor yoxud u vakolat bergan organ tomonidan amalga oshiriladi. Ipotekaga qoʻyuvchi korxona ipotekaga oluvchining talabiga binoan unga oʻzining yillik hisobotini taqdim etishi shart. Mulkiy majmua sifatida butun korxona ipotekasi bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda, ipotekaga oluvchi korxonaning moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish yuzasidan ipoteka shartnomasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻrishga, shu jumladan korxonaning boshqaruv organlariga ishlab chiqarilgan mahsulotni hamda korxonaning boshqa mol-mulkini tasarruf etish huquqi cheklangan vakillar tayinlashga haqli. Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlar kutilgan natijalarni bermagan taqdirda, ipotekaga oluvchi undiruvni ipotekada turgan korxonaga ushbu Qonunda belgilangan tartibda qaratishga haqli.