Ipoteka toʻgʻrisida 61-modda. Uylar va kvartiralar ipotekasi toʻgʻrisidagi qoidalarning qoʻllanilishi

Ipoteka fuqarolar (jismoniy shaxslar) yoki yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan, doimiy yashash uchun moʻljallangan yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uylarga hamda kvartiralarga nisbatan qoʻllaniladi. Davlat uy-joy fondining uylarini ipotekaga berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Voyaga yetmagan fuqarolar, vasiylik yoki homiylik belgilangan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar mulki boʻlgan uy yoki kvartira ipotekasi qonunchilikda mol-mulk bilan bogʻliq bitimlar tuzish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.