Ipoteka toʻgʻrisida 9-modda. Mol-mulkni ipotekaga qoʻyish huquqi

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ushbu Qonunning 6-moddasida koʻrsatilgan, ipotekaga qoʻyuvchiga mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar yoki shartnomaviy asosda tegishli boʻlgan mol-mulkka ipoteka belgilanishi mumkin. Tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmati yoxud davlat xavfsizligini taʼminlash manfaatlari nuqtai nazaridan ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Agar tasarrufdan chiqarilishi uchun boshqa shaxsning yoki organning roziligi yoxud ruxsatini olish talab etiladigan mol-mulk ipoteka narsasi boʻlsa, bu mol-mulk ipotekasi uchun shunday rozilik yoki ruxsat olish zarur. Umumiy birgalikdagi mulk (mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi belgilanmagan holda) boʻlgan mol-mulk faqat barcha mulkdorlarning yozma roziligi bilan ipotekaga qoʻyilishi mumkin. Umumiy ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mulk huquqidagi oʻz ulushini boshqa mulkdorlarning roziligisiz ipotekaga qoʻyishi mumkin.