Iqtisodiy protsessual kodeksi 119-modda. Protsessual muddatlarni belgilash va hisoblash

Protsessual harakatlar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, protsessual muddatlar belgilanmagan hollarda esa ular sud tomonidan tayinlanadi. Protsessual harakatlarni amalga oshirish muddatlari albatta yuz berishi kerak boʻlgan voqea koʻrsatilgan aniq kalendar sana bilan yoki vaqtning harakat amalga oshirilishi mumkin boʻlgan davri bilan belgilanadi. Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi.