Agar qarzdor uzrli sabab bilan oʻz vaqtida kreditorning talabiga qarshi eʼtiroz bildirish imkoniyatiga ega boʻlmagan boʻlsa, sud buyrugʻining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud buyrugʻi qabul qilingan shaxslar esa sud buyrugʻi qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda oʻsha sudga sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berishga haqli. Sud bunday holda buyruqni bekor qilishga haqli, shundan keyin kreditorning talabi daʼvo ishini yuritish tartibida koʻrilishi mumkin. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisida yoki bekor qilishni rad etish haqida ajrim chiqariladi. Sud buyrugʻini bekor qilish haqidagi yoki bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay sud muhokamasisiz, kreditor va qarzdor chaqirtirilmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan chiqariladi. Sud buyrugʻini bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.