Iqtisodiy protsessual kodeksi 203-4-modda. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni koʻrib chiqish xususiyatlari

Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, ajrimda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrilishini hamda ish koʻrib chiqiladigan sanani koʻrsatadi. Javobgar daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrini daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda sudga oʻzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning koʻchirma nusxasi daʼvogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma ilova qilinadi. Daʼvo arizasining sudga yuborilishi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar tomonidan daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr taqdim etilmaganligi daʼvo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Belgilangan muddat oʻtganidan keyin sudga kelib tushgan daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr, dalillar va boshqa hujjatlar, agar ularni belgilangan muddatda taqdim etishning imkoni boʻlmaganligi taraf tomonidan asoslantirilgan va ular sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar kelib tushgan boʻlsa, qabul qilinadi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmagan muddatda daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrni, dalillarni hamda boshqa hujjatlarni taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtganidan keyin sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish muddati uzaytirilmaydi. Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini oʻtkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan koʻrib chiqadi. Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntiris