Huquqiy taʼsir choralari quyidagilardan iborat: faoliyatni tugatish; atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish; faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno; banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno; moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash, bundan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalar hisoblash, shuningdek yuridik shaxsning yoki fuqaroning sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olganligi va moliyaviy sanksiyalar summalarini ixtiyoriy ravishda toʻlaganligi hollari mustasno; tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatning (harakatning) amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar (ruxsatnomalar) mustasno. qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatga olish hisobiga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini oʻttiz kundan ortiq boʻlgan muddatga toʻxtatib turish. Sud qonunchilikka muvofiq boshqa huquqiy taʼsir choralarini ham qoʻllashi mumkin.