Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) ishda ishtirok etayotgan shaxslarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) hamda ularning joylashgan yeri (pochta manzili) va yashash joyi; 3) huquqbuzarlik faktini aniqlagan nazorat qiluvchi organning nomi; 4) bildirilgan talabga asos boʻlgan holatlar; 5) bildirilgan talabning asoslarini tasdiqlovchi dalillar; 6) yuridik shaxsning yoki fuqaroning sudga murojaat qilishga asos boʻlgan harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar; 7) arizachining talabi; 8) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda nazarda tutilgan boʻlsa; 9) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizada arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizada boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin. Ushbu moddada, shuningdek ushbu Kodeksning 219-moddasida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha arizachiga qaytariladi.