Iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksda hal qiluv qarorini qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalarga koʻra ajrim chiqaradi. Iqtisodiy sudning arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi yoki arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish haqidagi ajrimida quyidagilar ham boʻlishi kerak: 1) arbitrajning shikoyat qilinayotgan hal qiluv qarori va u qabul qilingan joy haqidagi maʼlumotlar; 2) shikoyat qilinayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan arbitrajning nomi va tarkibi haqidagi maʼlumotlar; 3) arbitraj muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 4) arbitrajning hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga yoxud arizachining talabini toʻliq yoki qisman qanoatlantirishni rad etishga oid koʻrsatma. Arbitraj hal qiluv qarorining bekor qilinganligi, agar arbitrajga murojaat etish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa, arbitraj muhokamasi taraflarining arbitraj kelishuviga muvofiq arbitrajga yangitdan murojaat etishi yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga koʻra iqtisodiy sudga murojaat etishi uchun monelik qilmaydi. Agar arbitrajning hal qiluv qarori iqtisodiy sud tomonidan arbitraj kelishuvi haqiqiy emasligi oqibatida yoki hal qiluv qarori arbitraj kelishuvida nazarda tutilmagan yoxud uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligi yoki unda arbitraj kelishuvida qamrab olinmagan masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligi oqibatida toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, arbitraj muhokamasining taraflari bunday nizoni hal etish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga koʻra iqtisodiy sudga murojaat etishi mumkin. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha iqtisodiy sud ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.