Iqtisodiy protsessual kodeksi 233-modda. Yoʻqolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash tartibi

Iqtisodiy ish boʻyicha yoʻqolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritish ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, prokurorning, davlat ijrochisining arizasiga, shuningdek sudning tashabbusiga koʻra sud tomonidan tiklanishi mumkin. Yoʻqolgan sud ishi yoki ijro ishini yuritish toʻliq tiklanadi yoxud uning sud fikriga koʻra tiklanishi zarur boʻlgan qismi tiklanadi. Sudning hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi, agar ular ish yuzasidan chiqarilgan boʻlsa, albatta tiklanishi shart. Arizachi yoʻqolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda sud tomonidan sarf qilingan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinadi. Bila turib yolgʻon ariza berilgan boʻlsa, sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.