Kassatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi: 1) davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya shikoyatining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat; 3) kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat. Kassatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya protesti va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha ushbu Kodeks 282-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaatlarining koʻchirma nusxalari ilova qilinadi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno. Daʼvo arizasini qaytarish haqidagi, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan, qabul qilish rad etilgan daʼvo arizasi va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.