Iqtisodiy protsessual kodeksi 293-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr bildirish

Ishda ishtirok etuvchi shaxs kassatsiya shikoyatining (protestining) koʻchirma nusxasini olganidan keyin uning yuzasidan yozma fikrini hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu yozma fikrning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni kassatsiya shikoyati (protesti) koʻrib chiqiladigan kunga qadar yetib borishini taʼminlaydigan muddatda, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay sudga yuborishga haqli. Kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga vakolati borligini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.