Har qanday manfaatdor shaxs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (sudga) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudga boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli. Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas. Sudga murojaat qilish: fuqarolik huquqiy munosabatlaridan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — daʼvo arizasi shaklida; buyruq tartibida ish yuritish, alohida toifadagi ishlar boʻyicha hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida; apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlariga murojaat etilganda, shuningdek ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi. Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.