Korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bogʻliq nizolar; 2) xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning, ulushlarning, kooperativlar aʼzolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar, bundan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni, ulushlarni, kooperativlar aʼzolarining paylarini oʻz ichiga oluvchi meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan nizolar mustasno; 3) yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, aʼzolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvolari boʻyicha nizolar; 4) qimmatli qogʻozlar emissiyasi bilan, shu jumladan emitentning boshqaruv organlari qarorlari yuzasidan nizolashish bilan, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlar, emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarish (qoʻshimcha ravishda chiqarish) natijalari boʻyicha hisobotlar (xabarnomalar) yuzasidan nizolashish bilan bogʻliq nizolar; 5) qimmatli qogʻozlarni nominal saqlovchilarning aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va (yoki) ularning muomalasi munosabati bilan qimmatli qogʻozlarning nominal saqlovchilari tomonidan amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar; 6) yuridik shaxs ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi nizolar; 7) yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi nizolar. Qonunga muvofiq korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mumkin.