Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan sudning nomi; 2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning ishdagi protsessual holati; 3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini, qarorni qabul qilgan sudning nomi; 4) ishning raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va nizo predmeti; 5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shaxs qonunlarga yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilingan holda sud hujjatini notoʻgʻri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar; 6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) uni berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan mazkur shaxsning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilishi kerak. Taftish tartibidagi shikoyat shikoyatni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Protest protestni keltirgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.