Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ushbu Kodeksning 307-moddasida nazarda tutilgan ajrim, qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu bobda taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi. Taftish instansiyasi sudi ajrim, qaror ustidan berilgan taftish shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) ajrimni, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va masalani mohiyatan hal etishga yoxud ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga; 3) ajrimni, qarorni bekor qilishga hamda daʼvo arizasini va ishni koʻrish uchun tegishli instansiya sudiga yuborishga; 4) birinchi instansiya sudining ajrimini, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.