Taraflardan biri nizoli yoki sud hujjati bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan hollarda (yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi, fuqaroning oʻlimi va majburiyatlardagi shaxslar oʻzgarishining boshqa hollarida) sud bu tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi. Huquqiy vorislik iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkin. Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi. Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Taraf huquqiy voris bilan almashtirilganidan keyin iqtisodiy sud ishlarini yuritish almashtirish amalga oshirilgan bosqichning oʻzidan davom ettiriladi. Huquqiy voris ishga kirishguniga qadar sud protsessida amalga oshirilgan barcha harakatlar huquqiy vorisga oʻrnini boʻshatib bergan shaxsga qay darajada majburiy boʻlgan boʻlsa, huquqiy voris uchun ham shu darajada majburiy boʻladi.