Iqtisodiy protsessual kodeksi 54-modda. Guvohning huquq va majburiyatlari

Guvoh advokatning yuridik yordamidan foydalanish, iqtisodiy sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa, oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish, koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berish, koʻrsatuvlar berishda yozma qaydlar va hujjatlardan foydalanish huquqiga ega. Guvoh sudning chaqiruviga binoan kelishi, ish yuzasidan oʻzi xabardor boʻlgan maʼlumotlar va holatlar haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishi, sudya va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning savollariga javob berishi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Guvoh bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgar boʻladi, sud tomonidan bu haqda ogohlantirilib, tilxat olinadi. Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Qonunga muvofiq kasbiy burchini bajarishi jarayonida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar va holatlar yuzasidan koʻrsatuv berishni rad qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan koʻrsatuv berish majburiyati tatbiq etilmaydi.