Iqtisodiy protsessual kodeksi 68-modda. Isbotlash majburiyati

Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Yuridik shaxslar va fuqarolarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash (bundan buyon matnda huquqiy taʼsir choralari deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻlgan holatlarni isbotlash majburiyati nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatiladi. Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan dalillarni ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar oldida, agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, sud majlisi boshlanguniga qadar yoki sud belgilagan muddat doirasida ochib berishi lozim. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar faqat ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar oldindan tanishtirilgan dalillarga asoslanishga haqli. Agar taraf sud tomonidan talab etilayotgan dalilni oʻzida ushlab turgan va sud soʻrovi bilan belgilangan muddatda uni taqdim etmayotgan boʻlsa, undagi maʼlumotlar shu taraf manfaatlariga qarshi qaratilgan deb taxmin qilinadi va u tomonidan tan olingan deb hisoblanadi.