Ishni koʻrayotgan sud boshqa tuman yoki shahar hududidagi dalillarni olish zarur boʻlgan taqdirda, tegishli sudga muayyan protsessual harakatlarni bajarishni topshirishga haqli. Sud topshirigʻi toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrilayotgan ishning mazmuni qisqacha bayon qilinadi, aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar, topshiriqni bajaradigan sud toʻplashi kerak boʻlgan dalillar koʻrsatiladi. Sud topshirigʻi toʻgʻrisidagi ajrim topshiriq berilgan sud uchun majburiydir va u ajrim olingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kungacha boʻlgan muddatda bajarilishi kerak.