Jinoyat-ijroiya kodeksi 1-modda. Jinoyat-ijroiya qonunchiligi

Jinoyat-ijroiya qonunchiligi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanadi hamda ushbu Kodeksdan, shuningdek unga muvofiq qabul qilinadigan boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat boʻladi. Jinoyat-ijroiya qonunchiligi: jinoiy jazoni, boshqa jinoyat-huquqiy taʼsir choralarini ijro etish prinsiplari, tartibi va shartlarini; mahkumlarning huquqiy maqomini; mahkumlarni axloqan tuzatish vositalari hamda ularni qoʻllash tartibini; mahkumlarni jazoni oʻtashdan ozod qilish tartibini; jazoni ijro etuvchi muassasa va organlar faoliyati tartibini; mahkumlarni axloqan tuzatishda davlat hokimiyati va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxona, muassasa, tashkilotlarning, jamoat birlashmalari va fuqarolarning ishtirokini belgilaydi.