Jazoni oʻtash tartibini buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin: ogohlantirish; hayfsan; yengillashtirilgan saqlash sharoitlarini bekor qilish; navbatdagi uchrashuvdan mahrum qilish; intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydi: mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu mahkumning mehnatdan boʻyin tovlash oqibati boʻlmasa; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan biror-bir qoidabuzarligi uchun. Agar mahkum quyidagi harakatlardan birini sodir etsa, mehnatdan boʻyin tovlagan deb hisoblanadi: uzrli sabablarsiz ishga chiqmaslikni yoki ishga bir oy ichida ikki va undan ortiq marta kechikishni; ish vaqti davomida ish joyini uzrli sabablarsiz oʻzboshimchalik bilan tark etishni yoki ishlab chiqarish vazifalarini qasddan bajarmaslikni yoxud bajarishni rad etishni. Intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish tariqasidagi jazo chorasi jazoni oʻtash tartibini birinchi marta buzgan mahkumlarga nisbatan qoʻllanilmaydi, bundan jazoni oʻtash tartibini qoʻpol tarzda buzish mustasno.