Jinoyat-ijroiya kodeksi 106-modda. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi

Intizomiy jazo huquqbuzarlikning ogʻirligi va xususiyatiga mos boʻlishi kerak. Bir vaqtning oʻzida sodir etilgan bir nechta huquqbuzarlik uchun bitta intizomiy jazo qoʻllaniladi. Bitta huquqbuzarlik uchun bir nechta intizomiy jazo qoʻllash taqiqlanadi. Intizomiy jazo yozma ravishda, huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oy ichida beriladi. Huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, uning xulq-atvoriga va qoidabuzarlik yoki qilmish sodir etishga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan, intizomiy choralar qoʻllash uchun sabab boʻlgan ruhiy holati buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor boʻlmagan intizomiy jazolari bor-yoʻqligi intizomiy jazoni qoʻllash chogʻida inobatga olinadi. Intizomiy jazo darhol ijro etiladi. Agar intizomiy jazo qoʻllanilgan kundan boshlab bir oy ichida ijro etilmagan boʻlsa, u ijroga qaratilmaydi.