Jinoyat-ijroiya kodeksi 118-modda. Qattiq tartibli koloniyalarda jazoni oʻtash tartibi

Qattiq tartibli koloniyalarda jazoni: mazkur muassasaga sud hukmiga binoan kelgan mahkumlar; turmalar va maxsus tartibli koloniyalardan ragʻbatlantirish tarzida oʻtkazilgan mahkumlar; sud tomonidan tayinlangan turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish muddatini oʻtaganidan soʻng turmalardan oʻtkazilgan mahkumlar; sud tomonidan manzil-koloniyalardan intizomiy jazo tarzida qaytarilgan mahkumlar; qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ilgari oʻtagan va qasddan jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga qayta hukm qilinib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tartibida sudning ajrimi asosida yuborilgan mahkumlar oʻtaydi. Tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlar ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan tartibda yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkaziladi. Qattiq tartibli bir koloniyadan ikkinchisiga oʻtkazilgan mahkumlar jazoni bu yerga oʻtkazilgunga qadar belgilangan saqlash sharoitida oʻtaydilar.