Turmalarda mahkumlar umumiy kameralarda saqlanadilar. Alohida hollarda mahkumning batamom ajratib qoʻyilishini taʼminlash maqsadida muassasa boshligʻining prokuror tomonidan tasdiqlangan qarori asosida uni bir kishilik kamerada saqlashga yoʻl qoʻyiladi. Turmada mahkumlar belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizigacha boʻlgan summaga oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olishlari mumkin. Turmalarda mahkumlar har kuni muddati bir soatlik sayr qilish hamda yil mobaynida: toʻrt marta qisqa muddatli va bir marta uzoq muddatli uchrashuv; toʻrt marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv; toʻrtta posilka yoki yoʻqlov; toʻrtta banderol olish huquqiga ega. Turmalarda yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazilgan mahkumlarga ragʻbatlantirish tarzida har kunlik sayr muddati bir soatga uzaytirilishi mumkin.