Tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkuma ayollarga homiladorlik va tugʻish boʻyicha ishdan ozod etilgan vaqt mobaynida, shuningdek bolasi uch yoshga toʻlgunga qadar muassasa boshligʻining prokuror tasdiqlagan qarori bilan koloniya hududidan tashqarida yashashga ruxsat etilishi mumkin. Muassasa hududidan tashqarida yashash huquqi Jinoyat kodeksi 73-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan mahkumlarga berilmaydi. Koloniya hududi doirasidan tashqarida yashaydigan mahkumalar: xona tipidagi turar joylarda joylashadilar va muassasa maʼmuriyatining nazorati ostida boʻladilar; ertalab oʻrindan turishdan kechki yotishgacha boʻlgan vaqt mobaynida belgilangan yoʻnalishlar doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar; fuqarolar kiyadigan kiyimda yurishlari, yonlarida pul va qimmatli buyumlar saqlashlari, puldan cheklanmagan holda foydalanishlari mumkin; cheklanmagan miqdorda banderol, posilka va yoʻqlovlar olish hamda joʻnatish, qisqa muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Qisqa muddatli uchrashuvlar, odatda, ishdan boʻsh vaqtda beriladi. Muassasa hududi doirasidan tashqarida yashash huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi: jazoni oʻtash tartibi muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda; homiladorlik va tugʻish boʻyicha ishdan ozod qilish davri tugaganda; bola uch yoshga toʻlganda.