Jinoyat-ijroiya kodeksi 165-modda. Kasallik tufayli yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik oqibatida jazodan ozod qilishga taqdim etish tartibi

Jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyati Jinoyat kodeksining 75-moddasida nazarda tutilgan hollarda mahkumni jazoni oʻtashni davom ettirishdan ozod qilish toʻgʻrisida sudga taqdimnoma kiritadi. Ayni bir vaqtda sudga tibbiy komissiya xulosasi va mahkumning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildi yuboriladi. Mahkumni ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazodan kasalligi tufayli ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus tibbiy komissiyasi xulosasi asosida kiritiladi. Bunday kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Mahkumni axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazodan mehnat qobiliyatini yoʻqotganligi oqibatida ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi xulosasi asosida kiritiladi. Jazoni oʻtash davrida homiladorlik va tugʻish taʼtili berilgan ayollarni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bunday taʼtil huquqini beruvchi tibbiy hujjat asosida kiritiladi. Harbiy xizmatchilarni intizomiy qismga joʻnatish yoki xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma tegishli harbiy-tibbiy komissiyaning ularni harbiy xizmatga yaroqsiz deb topish haqidagi xulosasi asosida kiritiladi. Ayol harbiy xizmatchilar xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan homiladorlik va tugʻish taʼtili berilishi munosabati bilan ham ozod qilinadilar.