Jinoyat-ijroiya kodeksi 171-modda. Mahkumlarni ozod qilishga tayyorlash

Jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning jazoni oʻtash muddati tugashiga uzogʻi bilan uch oy qolganda uni ozodlikka chiqarishga tayyorlash, mehnat va turmushda oʻrnashishga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, uning muassasadan ozod boʻlgandan keyingi huquqlari va majburiyatlarini tushuntirish maqsadida mahkum bilan tarbiyaviy ish olib boradi. Ishda va turmushda oʻrnashishga muhtoj shaxslar aniqlangan taqdirda muassasa maʼmuriyati oldindan mahkum yashashni moʻljallayotgan joydagi ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod boʻlgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi markazini uning ozod qilinishi, turar joyi bor-yoʻqligi, mehnat qobiliyati va ixtisosi toʻgʻrisida xabardor etadi. Muassasa maʼmuriyati ayni bir vaqtda ustidan ichki ishlar organlarining maʼmuriy nazorati oʻrnatilishi zarur boʻlgan shaxslarni aniqlaydi va qonunchilikda belgilangan tartibda sudga tegishli taqdimnoma kiritadi.