Alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yoʻliqqan mahkumlarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari quyidagi tartibda qoʻllaniladi: jamiyatdan batamom ajratib qoʻyish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarga — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan umumiy asoslarda; ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxslarga — jazoni oʻtash joyida, ozod etilganlaridan soʻng davolashni davom ettirish zarurati boʻlganda esa — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan umumiy asoslarda. Ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan mahkumlarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari quyidagilarga nisbatan qoʻllaniladi: jamiyatdan batamom ajratib qoʻyish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo choralariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan; ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxslarga nisbatan — jazoni oʻtash joyida, ozod etilganidan keyin davolashni davom ettirish zarur boʻlganda esa, sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan umumiy asoslarda.