Jinoyat-ijroiya kodeksi 25-6-modda. Jazo muddatini hisoblash

Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazo muddati mahkum majburiy jamoat ishlarini oʻtashi mobaynidagi soatlar bilan hisoblanadi. Majburiy jamoat ishlari vaqti dam olish kunlari va mahkum oʻqishda yoki asosiy ishda band boʻlmagan kunlari toʻrt soatdan, ish kunlari, oʻquv darslari (mashgʻulotlar) oʻtkaziladigan kunlari esa, ish yoki oʻqishdan oldin yoki keyin ikki soatdan, mahkumning iltimosiga koʻra esa, toʻrt soatdan oshmasligi lozim. Mahkum oʻtaydigan majburiy jamoat ishlarining vaqti, qoida tariqasida, haftasiga oʻn ikki soatdan kam boʻlmasligi lozim. Voyaga yetmagan mahkum tomonidan oʻtaladigan majburiy jamoat ishlari vaqti dam olish kunlari va mahkum oʻqishda yoxud asosiy ishda band boʻlmagan kunlari uch soatdan, ish kunlari, oʻquv darslari (mashgʻulotlar) oʻtkaziladigan kunlari esa, ikki soatdan, biroq haftasiga uch kundan oshmasligi lozim. Mahkumga bogʻliq boʻlmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, probatsiya boʻlinmasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda mahkumga hafta yoki oy mobaynida majburiy jamoat ishlari soatlarining kamroq miqdorini ishlab berish uchun ruxsat etishga haqli.