Jinoyat-ijroiya kodeksi 29-modda. Mahkumning majburiyatlari

Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs hukm talablarini bajarishga, probatsiya boʻlinmasiga mazkur jazoni oʻtash bilan bogʻliq hujjatlarni taqdim etishga, yashash va ish joyidagi oʻzgarishlar yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida probatsiya boʻlinmasini xabardor qilishga, chaqiruvga binoan probatsiya boʻlinmasida hozir boʻlishga majbur. Mahkum hozir boʻlmagan taqdirda u belgilangan tartibda majburan keltirilishi mumkin. Probatsiya boʻlinmasi belgilaydigan joylarda jazoni oʻtash muddati mobaynida probatsiya boʻlinmasining yozma ruxsatisiz mehnat shartnomasini mahkumning tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi. Probatsiya boʻlinmasi ruxsatnoma berishni rad etgan taqdirda yuqori mansabdor shaxsga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.