Jinoyat-ijroiya kodeksi 44-3-modda. Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash tartibi

Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi, shuningdek oʻzining jazoni oʻtashi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar berish uchun chaqiruv boʻyicha probatsiya boʻlinmasiga kelishi shart. Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan elektron kuzatuv vositalari qoʻllanilishi mumkin. Muayyan vaqtda yashash joyidan ketishga, tegishli maʼmuriy hudud doirasida joylashgan maʼlum joylarga borishga yoxud tegishli maʼmuriy hudud doirasidan chiqish uchun ruxsatnoma, shuningdek yashash joyini oʻzgartirish uchun ruxsatnoma probatsiya boʻlinmasi tomonidan beriladi. Qaror taqiqlarning (cheklashlarning) xususiyatidan, mahkumning shaxsidan, uning xulq-atvoridan, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligidan kelib chiqib, alohida hollarda qabul qilinadi. Uy-joyidan chiqib ketishiga butunlay taqiq belgilangan mahkumning doimiy yashash joyidan ketishi uchun ruxsatnomaga, mahkumning tegishli maʼmuriy hudud doirasidan chiqishi uchun ruxsatnomaga, shuningdek mahkumning yashash joyini oʻzgartirishi uchun ruxsatnomaga prokuror tomonidan sanksiya beriladi. Agar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini anglab yetgani, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yetkazgan moddiy va maʼnaviy zararining oʻrnini qoplagan boʻlsa, probatsiya boʻlinmasi ilgari mahkumga belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) toʻliq yoki qisman bekor qilish toʻgʻrisida sudga taqdimnoma kiritadi.