Jinoyat-ijroiya kodeksi 53-modda. Mahkumlarni tergov hibsxonasida yoki turmada qoldirish

Qasddan sodir etilgan ogʻir jinoyati uchun birinchi marta sakkiz yilgacha va sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar alohida hollarda, mahkumning yozma roziligi boʻlgan taqdirda, muassasa boshligʻining qaroriga binoan xoʻjalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun tergov hibsxonasi yoki turmada qoldirilishi mumkin. Xoʻjalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun tergov hibsxonasida yoki turmada qoldirilgan mahkumlar jazoni qulflab qoʻyilmaydigan umumiy kameralarda, boshqa shaxslardan batamom ajratilgan holda, ushbu Kodeksning 18-bobida nazarda tutilgan sharoitlarda oʻtaydilar. Mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvga ruxsat berish imkoniyati boʻlmasa, ularga bitta uzoq muddatli uchrashuv oʻrniga ikkita qisqa muddatli uchrashuvga ruxsat beriladi. Voyaga yetmagan shaxslar, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek sudlar va huquq-tartibotni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlariga mansub mahkumlar xoʻjalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilmaydilar.