Tabiiy ofat roʻy bergan, jazoni ijro etish muassasasi joylashgan yerda favqulodda yoki harbiy holat joriy etilgan taqdirda, urush davri mobaynida, mahkumlar tomonidan guruh boʻlib boʻysunmaslik, shuningdek ommaviy tartibsizlik sodir etilganda muassasalarda alohida holat joriy etilishi mumkin. Alohida holat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda oʻttiz sutkagacha boʻlgan muddatga joriy etiladi. Alohida holatning amal qilish vaqti alohida hollarda qoʻshimcha ravishda yana oʻttiz sutkagacha uzaytirilishi mumkin. Alohida holat amal qilib turgan davrda muassasalarda qoʻriqlash va nazoratning kuchaytirilgan turi, obyektlarga kirishning alohida tartibi joriy etiladi, kun tartibi oʻzgartirilishi, ayrim xizmatlarning faoliyati cheklanishi mumkin. Ayni vaqtda mahkumlarning ayrim huquqlari cheklanishiga yoʻl qoʻyiladi.