Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar oʻz shaxsiy hisobvaragʻidagi pul hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni pul oʻtkazish yoʻli bilan sotib olishlari mumkin. Sarflashga ruxsat etiladigan pul miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumlar yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazilganda, mehnat normasi va mehnat vazifalarini bajarganda, shuningdek bayram kunlari ragʻbatlantirish tarzida, mahkumlarga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3,6 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha pul sarflashga ruxsat etiladi. Bir oy davomida sarflashga ruxsat etilgan pulning umumiy summasi quyidagi miqdorlardan oshmasligi kerak: umumiy tartibli koloniyalarda — belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1,06 baravaridan; qattiq tartibli koloniyalarda — belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 87,9 foizidan; maxsus tartibli koloniyalarda — belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 70,3 foizidan; turmalarda — belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 52,7 foizidan; tarbiya koloniyalarida, ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida, shuningdek mahkum birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, homilador ayollar hamda jazoni ijro etish muassasalaridagi bolalar uylarida bolalari boʻlgan ayollar uchun — belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 120 foizidan. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan miqdordan ortiqcha pulga mahkumlar tibbiy xulosa asosida qoʻshimcha ravishda oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek kiyim va poyabzal sotib olish huquqiga ega. Muassasa boshligʻi yangi kelgan mahkumga oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 17,6 foizigacha, manzil-koloniyalarda esa 35,2 foizigacha boʻlgan summada avans berishga haqli.