Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar cheklanmagan miqdorda xat va telegrammalar olishlari hamda joʻnatishlari mumkin. Mahkumlarning xatlari va boshqa joʻnatmalari senzuradan oʻtkaziladi, jazoni manzil-koloniyalarda oʻtayotgan shaxslarning xatlari va boshqa joʻnatmalari bundan mustasno. Mahkumlarga xatlarni topshirish va ularning xatlarini koʻrsatilgan manzilga joʻnatish muassasa maʼmuriyati tomonidan xat kelib tushgan yoki joʻnatish uchun topshirilgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida amalga oshiriladi. Telegrammalar egalariga darhol topshiriladi va joʻnatiladi. Xatlar va boshqa joʻnatmalar olish hamda yuborish, shuningdek ularni senzuradan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi. Mahkumlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning nomiga yuborilgan murojaatlari muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay tegishli vakilga yuboriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda arizachiga darhol yetkazib beriladi. Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar oʻrtasida xat yozishmalari faqat oʻzaro qarindoshlar oʻrtasida va muassasa maʼmuriyatining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin. Prokuror yoki sud nomiga yoʻllangan taklif, ariza va shikoyatlar koʻzdan kechirilmaydi hamda bir sutkalik muddat ichida tegishliligi boʻyicha joʻnatiladi. Xavfsizlik choralarini qoʻllash haqidagi yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlar ustidan shikoyatlar tegishliligi boʻyicha darhol joʻnatiladi.