Jinoyat-ijroiya kodeksi 82-modda. Mahkumlarning alohida hollarda muassasa doirasidan chetga chiqishi

Mahkumlarga alohida hollar (yaqin qarindoshining vafoti yoki hayoti uchun xavfli boʻlgan ogʻir kasalligi, mahkumga yoki uning oilasiga jiddiy moddiy zarar yetkazgan voqea) munosabati bilan borish-kelish uchun ketadigan vaqtni (toʻrt sutkagacha) hisobga olmagan holda, yetti sutkagacha boʻlgan muddatga jazoni ijro etish muassasasi doirasidan chetga chiqishga ruxsat etilishi mumkin. Mahkumlarga Oʻzbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqishga ruxsat etiladi. Mahkumning chetga chiqishga ruxsat soʻrab yozgan arizasini muassasa maʼmuriyati bir sutka ichida koʻrib chiqadi. Bu haqda mahkumning shaxsi, xulq-atvori, tasdiqlovchi hujjatlar bor-yoʻqligidan kelib chiqib qaror qabul qilinadi. Chetga chiqishga beriladigan ruxsatnoma prokuror tomonidan tasdiqlanadi. Quyidagilarga: oʻta xavfli retsidivistlar; umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar, shuningdek umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan shaxslar; oʻta ogʻir jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar; majburiy davolanishdan oʻtayotgan va yuqumli kasallikka chalingan mahkumlarga chetga chiqishga ruxsat berilmaydi. Chetga chiqish vaqti jazoni oʻtash muddati hisobiga qoʻshiladi. Chetga chiqish bilan bogʻliq xarajatlar mahkum mablagʻlari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan toʻlanadi. Mahkumning belgilangan muddatda joyiga qaytib kelishini qiyinlashtiruvchi kutilmagan hollar yuz bergan taqdirda u borgan joydagi ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga binoan qaytish muddati, jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatini albatta ogohlantirgan holda, besh sutkagacha uzaytirilishi mumkin. Mahkum belgilangan muddatda joyiga qaytishdan boʻyin tovlagan taqdirda u ichki ishlar organi tomonidan ushlanadi va jazoni oʻtash joyiga joʻnatiladi. Mahkumlarning muassasa doirasidan chetga chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.