Jinoyat-ijroiya kodeksi 88-modda. Mahkumlarni mehnatga jalb etish

Mahkumlarni mehnatga jalb etishdan asosiy maqsad ularda ijtimoiy-foydali faoliyat bilan shugʻullanish ehtiyojini shakllantirishdan iborat. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jinsi, yoshi, sogʻligʻining holati, mehnat qobiliyati va iloji boricha, ixtisosligi hisobga olingan holda ishlashi kerak. Mahkumlarning mehnatga oid munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan istisno va cheklashlarni hisobga olgan holda, tartibga solinadi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar, odatda, jazoni ijro etish muassasalari va ular tashkilotlarining korxonalarida, ayrim hollarda esa, kerakli tarzda qoʻriqlash va batamom ajratib qoʻyish taʼminlangan taqdirda, boshqa korxonalarda mehnatga jalb etiladi. Mahkumlarning xususiy shaxslar foydasiga mehnat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Oltmish yoshdan oshgan erkaklar, ellik besh yoshdan oshgan ayollar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatga oʻz xohishlariga koʻra jalb etiladilar. Mahkuma ayollar homiladorlik va tugʻish munosabati bilan qonunchilikda belgilangan muddatga ishdan ozod qilinadilar. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda bajarish taqiqlangan ishlarda ayol va voyaga yetmagan mahkumlar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mahkumlardan foydalanish taqiqlangan ishlar va lavozimlar roʻyxati qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi. Mahkumlar topshirilgan ishni halol, vijdonan bajarishga, mehnat va texnologiya intizomiga, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha talablarga rioya etishlari shart. Ularning mehnatga oid va boshqa nizolarni hal etish maqsadida ishni toʻxtatib qoʻyishi taqiqlanadi.