Jazoni ijro etish muassasalarining ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari ijtimoiy soliq boʻyicha soliq solish obyektidir. Ijtimoiy soliq toʻlangan davr ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Muassasa maʼmuriyati mahkumning jazoni oʻtashi davrida soliq toʻlanganligi haqidagi maʼlumotnomani: mahkum jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinishidan kamida uch ish kuni oldin Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga elektron tarzda yuboradi; jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinayotganida mahkumga qogʻoz shaklida beradi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga tayinlangan pensiyani toʻlash ozodlikdan mahrum qilingan vaqtda toʻxtatib turiladi, bundan manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan mahkumlar mustasno. Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiyani qonunchilikda belgilangan tartibda olishi mumkin. Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash va toʻlash manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan tegishli pensiya summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar qonunchilikka muvofiq davlat pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻladi.