Jinoyat-ijroiya kodeksi 97-1-modda. Mahkumlarning tuzalish yoʻliga oʻtganligini aniqlash mezonlari

Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan mahkumlarning tuzalish yoʻliga oʻtganligi ushbu Kodeksning 102¹-moddasida nazarda tutilgan komissiya tomonidan har chorak yakunlariga koʻra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi: mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda boʻlishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash koʻnikmalarining shakllanganligi, oʻqishga va kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishi; mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat boʻlishga intilishi; mahkumning jazoni ijro etish muassasasida oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilganligi, unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmaganligi; mahkumning mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi. Mahkumni tuzalish yoʻliga oʻtgan yoki oʻtmagan deb topish toʻgʻrisidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi. Komissiya tomonidan tuzalish yoʻliga oʻtmagan deb topilgan mahkumlar bilan tarbiyaviy-profilaktika ishlari muassasa psixologini jalb etgan holda alohida reja asosida amalga oshiriladi. Tuzalish yoʻliga oʻtmagan deb topilgan mahkum komissiyaning xulosasi ustidan ushbu Kodeksning 107-moddasida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.