Jinoyat kodeksi 103-1-modda. Oʻzini oʻzi oʻldirishga undash

Oʻzini oʻzi oʻldirishga undash, yaʼni koʻndirish, aldash yoki boshqa yoʻl bilan oʻzga shaxsda oʻzini oʻzi oʻldirish hissini uygʻotish, agar shaxs oʻzini oʻzi oʻldirgan yoki oʻzini oʻzi oʻldirishga suiqasd qilgan boʻlsa, — ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.