Jinoyat kodeksi 112-modda. Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish

Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, agar bu harakat amalga oshirilishidan xavfsirash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; b) uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.