Nomusga tegish, yaʼni zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Nomusga tegish: a) ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan; b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 119 , 121 , 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan; g) oʻldirish bilan qoʻrqitib; d) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Nomusga tegish: a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan; b) yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan; v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan; g) ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan; d) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa; e) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish, — oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.