Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolani ota, ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan va chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytarilishini taʼminlamaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa; b) badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, — uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa; b) jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa; v) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida taʼminlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek ilgari ushbu modda boʻyicha javobgarlikdan ozod qilingan shaxslar mustasno.