Jinoyat kodeksi 129-modda. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish

Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish, — ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan; b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; v) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan; g) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan; d) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118 , 119 , 121 va (yoki) 128-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; e) yaqin qarindoshiga yoki bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga nisbatan; j) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash muassasasining yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan; z) telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar zoʻrlik ishlatib yoki qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.