Tuhmat qilish, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali tuhmat qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Tuhmat: a) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab; b) ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan holda; v) xavfli retsidivist tomonidan; g) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.