Jinoyat kodeksi 145-modda. Vijdon erkinligini buzish

Diniy tashkilotning qonuniy faoliyatiga yoki diniy marosimlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, yoxud uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, xuddi shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʻqitish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Fuqarolarning oʻz fuqarolik huquqlarini amalga oshirishlariga yoki fuqarolik burchlarini bajarishlariga toʻsqinlik qilish bilan, dindorlardan majburiy yigʻim undirish va soliq olish bilan yoxud shaxsning shaʼni va obroʻsini kamsituvchi chora-tadbirlar qoʻllash bilan yoki diniy taʼlim olishda hamda fuqaro dinga nisbatan, dinga eʼtiqod qilish yoki eʼtiqod qilmaslikka nisbatan, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka nisbatan oʻz munosabatini belgilayotgan paytda majburlash bilan bogʻliq diniy faoliyat yuritish, shuningdek diniy marosimlar oʻtkazishni tashkil etish shaxs badaniga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.