Jinoyat kodeksi 155-1-modda. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va faktlarni xabar qilmaslik

Ushbu Kodeksning 155 , 155² , 155³ , 158 , 159 , 161 , 242 , 245 , 254 , 255¹ va (yoki) 264-moddalarida nazarda tutilgan, dastlabki tergov hamda sud muhokamasi materiallari bilan isbotlangan, aniq maʼlum boʻlgan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik xususiyatiga ega jinoyat toʻgʻrisida xabar qilmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Terrorchilik xususiyatiga ega jinoyatlarga nisbatan oʻsha qilmish: a) odam oʻlishiga; b) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.